Kirish A`zo bo`lish
Ularda dangasa superyulduzlar yo'q. Dunyoning eng kuchli ikki jamoasi haqida
23 okt 2019, 15:30
61

2019 yil "Manchester Siti" va "Liverpul" dunyoning eng yaxshi klubi ekanligini tasdiqlab berdi.
Ularning APLda ochko to'plash bo'yicha poygasi juda qiziqarli bo'ldi. "Siti"ning 98 ochkosi - APL tarixidagi ikkinchi natija. "Liverpul"ning 97 ochkosi esa uchinchi. Ular 2017/18 mavsumdagi "Siti"dan (100 ochko) orqada.


Uzun mavsum jamoa o'yinining haqiqiy darajasini ko'rsatib beradi. Bu darajada ko'p ochko yig'ish Gvardiola va Klopp jamoalarining kuchli ekanligini isbotladi. "Liverpul" APLdagi muvaffaqiyatdan tashqari CHLda g'olib bo'ldi. "Siti" ikkala Angliya Kubogini qo'lga kiritdi.


Bir qarashda "Liverpul" va "Siti" umuman bir-biriga o'xshamasligi mumkin, ammo aslida bu jamoalarning muvaffaqiyatini bazi jihatlar birlashtirib turadi. Ular klassik top-klubga o'xshashni umuman istashmaydi. Boshqa barcha jamoalar "hujumda top ijrochi kerak, qolgani ikkinchi darajali" degan formulaga ishonishadi.



Eng yaxshi misol - so'nggi mavsumlardagi PSJ. Klub 2017 yilning yozida birdaniga ikki yulduz hujumchi - Neymar va Mbappeni xarid qildi. Qog'ozda hammasi juda chiroyli ko'rindi: Hujum qanotlaridagi Di Mariya va Draksler o'rniga Neymar va Mbappe - ajoyib apgreyd, to'g'rimi? PSJ shundoq ham kuchli jamoa bo'lgan, ikki superyulduz kelganidan so'ng dunyoning eng yaxshi klubiga aylanishi kerak edi. Ikki yil o'tdi - bu maqsadlar absurd ekanligini xatto Neymar ham tushunib etdi.




Endi shu masofadagi "Siti" va "Liverpul"ga nazar tashlaymiz. Ular "oddiy" top-klublardan (16/17 mavsumda APLda 3 va 4-o'rinlarni egallashgan) dunyoning eng kuchli jamoalariga aylanishdi.



Bunga qanday erishishdi? Hammasi murabbiyga to'liq ishonishdan boshlandi. Xatto startdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham rahbarlar ularga to'liq ishonch bildirishdi va ular haq bo'lib chiqdi. Pep va Yurgen yuqori darajadagi mutaxassislar. Ularda aniq bir falsafa mavjud va bu falsafa bilan jamoani mukammallikka yetaklaydi.



Ular har bir pozitsiyaga qanday futbolchi kerakligi haqida aniq tasavvurga ega. Bu klubga transfer siyosatida yordam beradi. Ularga shunchaki qiziqarli, yaxshi futbolchilar emas, balki tizimga mos o'yinchilar kerak. "Siti" va "Liverpul" so'nggi yillarda shu bilan shug'ullanishdi.



Ha, yoshi katta futbolchilarning boshqalar ko'rmagan qirrasini ochish mumkin, ammo bu juda kam hollarda ro'y beradi. Pep Fernandinoda shunday jihatni ko'ra bildi. Futbolchi 4-3-3 sxemasidagi yagona tayanch yarim himoyachisiga aylandi. Bunday o'yinchini faqat uzoq vaqtdan beri o'sha jamoada o'ynayotgan futbolchidan topish mumkin. Katta mablag' evaziga kuchli, ammo jamoa uslubiga kirishishga qiynaladigan o'yinchilarni sotib olish - yaxshi g'oya emas.



"Liverpul" va "Siti"ning formulasi uzoq masofada ajoyib natijalar ko'rsatmoqda. Buni tasodif deb bo'lmaydi. Keling, ular bosib o'tgan yo'lni tahlil qilib chiqamiz.

BIRINCHI QOIDA: Superyulduzlar emas, tizimga mos futbolchilar kerak

Ikkala klubning selekciyasi juda muvaffaqiyatli. Boshqa grandlar amalga oshirgan ko'plab omadsiz transferlarga boqing va "Siti" hamda "Liverpul"ning deyarli barcha xaridi o'zini oqlayotgani bilan solishtiring. Farq katta.



"Siti" va "Liverpul"ning transfer bozoridagi muvaffaqiyatining asosiy sababi seleksiya bo'limining darajasida emas, skautlarda tanlovning aniq mezonlari mavjud. Ular jamoa o'yin tizimini aniq tasavvur qilishdan kelib chiqadi.

Yaxshi, top futbolchilarni xarid qilib, ularga moslashish va natija kutish - eskirgan uslub. Bu yo'l bilan yuqori darajaga chiqa olmaysiz. So'nggi yillarda nafaqat PSJ, balki "Barsa", "Real", MYu va boshqa klublar shu uslubdan foydalanishdi. Ularning hech biri ko'p millionli sarflardan so'ng kuchaygani yo'q.

"Barselona" so'nggi muvaffaqiyatsiz xaridlaridan keyin ham o'z darajasini saqlab turibdi, chunki ularda hali ham natija berayotgan poydevor (Messi, Suares, Buskets, Pike, Ter SHtegen va boshqalar) bor. Qayta qurilayotgan jamoaga (masalan, MYu) bunday transfer siyosat uni inqiroz ko'chasiga olib kiradi.

"Siti" va "Liverpul" kamroq pul sarflashadi. So'nggi yillarda ular iqtidorli, hali o'zining pikiga chiqmagan, sifatlari bo'yicha uslubga to'g'ri keladiganlarni xarid qilishdi. Qulay tizim futbolchilarni yanada kuchaytirdi.

"Liverpul"gacha hech kim Salah yoki Maneni o'z pozitsiyasidagi dunyoning kuchli 10 futbolchilaridan biri deb hisoblamagan, hozir esa ular kuchli uchlikda. Bu yigitlar Firminosiz bunday muvaffaqiyatga erishmagan bo'lardi. Klopp braziliyalikka "yolg'on to'qqizinchi" rolini berdi. Roberto o'z vazifasini maksimal darajada bajarmoqda. Bundan tashqari, nemis mutaxassisi undan oldin jamoada bo'lgan, biroq imkoniyatlari cheklangan futbolchilarga mos rol topa oldi, masalan, Xenderson va Milner haqiqiy yetakchiga aylanishdi.




Gvardiola xuddi shu ishni "Siti"da bajardi. Jamoadagi bor futbolchilardan foydalanib, markazni qaytadan qurdi. U umuman kutilmagan o'zgarishlarni amalga oshirdi - Silva va De Bryuyne (ko'pincha qanotlarda o'ynaydigan klassik o'yinchilar)ni sakkizinchi (hujumchi ortidagilar)ga aylantirdi. Yagona tayanch yarim himoyachisi rolini bu pozitsiyada umuman o'ynamagan Fernandinoga berdi. Boshqalar bu yigitlarni markazda birga o'ynatib deb o'ylagan bo'lsa, Gvardiola aksini ko'ra oldi. Trio "Siti"ning barcha g'alabalari omiliga aylandi.

IKKINCHI QOIDA: Maydon markazi juda muhim. U jamoa o'yini ramzi hisoblanadi

Yuqoridagi qoidalar maydon markazi uchun juda zarur. Bu chiziq uslubi va o'yinini belgilaydi. "Liverpul" va "Siti"dagi futbolchilar bu chiziqlar uchun ideal mos keladi.



Klopp yarim himoyasi - bu hayratlanarli fizika, kurashlarga tayyorlik, tezkorlik va pressing.

Gvardiola yarim himoyasi - o'yinni nazorat qilish, ijodkorlik, texnika.

O'ziga mos tizimda o'ynaydigan yaxshi futbolchilar bir-birining kamchiligini to'ldiradi va jamoadoshi o'sishiga yordam beradi. "Liverpul" va "Siti" bu so'zlarimizni tasdiqlaydi. Deyarli barcha futbolchilar 2-3 yil oldingidan yaxshiroq o'ynashmoqda. Ularning bazilari o'sishga erishishdi, boshqalari tizim yordamida ajoyib o'yin ko'rsatishyapti.

Kim maydon markazini nazorat qilsa - o'yinni nazorat qiladi. Juda kam holatlarda bahs "Siti" va "Liverpul" boshqaruvidan chiqib ketadi. Savol tug'iladi: Ikki ingliz grandi va boshqa yirik jamoalardagi yarim himoyachilar saviyasida farq bormi? Yo'q.

"Barselona" va "Real" markazidagilar uchrashuvni "Siti" va "Liverpul" kabi nazorat qilmaydi. "Real"dagi Kasemiro-Kroos-Modrich o'rniga "Liverpul" triosini qo'ysak vaziyat o'zgaradimi? Ishonchim komil, yo'q.



"Liverpul" va "Siti" yarim himoyasidagi muvaffaqiyat kaliti - Yurgen va Pep. Muhim qoida - doimo o'zining kuchli tomoni bilan o'ynab, raqibning kuchsiz tomonidan foydalanish. Tushunarliroq qilib aytadigan bo'lsak, o'yinni raqibdan qulayroq harakat qila oladigan nuqtangizga ko'chirish. Gvardiola va Klopp bu tryuklarning ustasi. "Siti" va "Liverpul" yarim himoyachilarida ham kamchiliklar bor, biroq murabbiylik ishi tufayli ularni ko'rmaymiz.

"Siti" yarim himoyasini olib qarang. Fernandino - Silva - KDB (Kevin De Bryuyne). Yana bir marta: ispaniyalik va belgiyalik klassik o'ninchi raqamlar. Pep shunday ikki o'yinchini bir vaqtning o'zida sakkizinchilar o'rniga qo'ydi. Ular o'yin nazoratiga javob berishadi va katta hajmdagi ishni bajarishlari kerak bo'ladi. Aynan shu narsa savollar keltirib chiqardi. Silva hamda De Bryuyne hujum yaratishdan tashqari ikki jarima maydonchasi orasida mehnat qila oladimi?

Ha. Hammasi to'p bilan kombinatsion o'yinning to'g'ri yo'lga qo'yilgani va hayratlanarli kontrpressing tufayli. Silva va De Bryuyne to'p izlab ko'p harakat qilishadi, unga egalik qilishganda esa raqib tayanch hududida kreativ harakatlar va o'yin nazoratiga javob berishadi.


"Siti" to'pni yo'qotsa, barcha futbolchilar (birinchi navbatda unga eng yaqin turganlar) tezkor pressingga o'tadi, o'yin to'g'ri qurilgani va futbolchilar bir-birini yaxshi tushunishi tufayli pressinglar deyarli har safar muvaffaqiyatli yakunlanadi.





Yuklamalarning bunday bo'linishi katta tezlikda orqaga qaytishga qiynaladigan futbolchilarga mos keladi. "Bazida orqaga qaytishdan, bir necha soniya to'p uchun jon berib kurashish yaxshiroq" - degandi De Bryuyne.

"Biz tezda to'pni olib qo'yamiz, bu o'yinimizning bir qismi. Bunday vaziyatlarda jamoadek harakatlanamiz. Individual pressing degan narsa yo'q. Sen jamoadoshing qayerda ekanligini bilishing kerak, butun jamoa teng harakat qilishi lozim. Agar kimdir vaziyatdan chiqib qolsa, ishimiz bir necha martaga qiyinlashadi" - deya qo'shimcha qilgan belgiyalik. David Silva Gvardiola tizimi tufayli 30 yoshida ikkinchi yoshligini boshidan kechirmoqda.


"Liverpul" markazi esa yanada oddiyroq. U yerda texnikasi kuchli bo'lmagan, o'yinni nazorat qila olmaydigan futbolchilar harakat qiladi. Ular tufayli jamoa uzoq vaqt o'yinni boshqara olmasdan, keraksiz joylarda to'pni yo'qotar edi.Klopp vaqt o'tishi bilan bunday yarim himoyachilarni hujumda qanday ishlatish kerakligini tushundi. Sakkizinchi raqam joyida o'ynaydiganlar hech qachon chiziqlar o'rtasida qolib ketishmaydi - ular yo raqib himoyachilari ortiga qochishadi yoki orqaroqqa qaytib, qanot himoyachilariga joy yaratib berishadi.



"Liverpul" yarim himoyachilari hech qachon o'ziga noqulay joyda o'ynashmaydi. Yarim himoyachilar iloji boricha sakkizinchi raqam joyida harakat qilmaslikka intilishadi. Asosan u yerda Mane yoki Salah paydo bo'ladi. Klopp jamoani shunday joylashtirganki, u har bir futbolchidan maksimum darajada foydalanmoqda.

UCHINCHI QOIDA: Pressing dangasa yulduzlarsiz yaxshiroq amalga oshadi

"Liverpul" va "Siti"da bunday muammo yo'q - bu narsa ularni boshqa grandlardan ajratib turadi. Gvardiola va Klopp tarkibda dunyoning eng yorqin futbochilari yo'qligidan foyda chiqara oldi.



Ko'plab top-klublarning transfer strategiyalari haqida gapirdik. Ularning ko'pchiligida maqsad oddiy - hujumga yulduzni sotib olish va unga maksimal darajada qulaylik yaratib, himoya va yarim himoyani hujum chizig'i qiziqishlari doirasida ishlatish. Odatda bu balans buzilishiga olib keladi.

Gvardiola va Klopp jamoalarida bunaqasi yo'q. Ularning falsafasida hamma narsa hisobga olingan: birinchidan, barcha futbolchilar hujum va himoyaviy harakatlarda ishtirok etishi kerak; ikkinchidan, hamma o'yinchilar jamoa uchun ishlab, bir-biriga yordam berishi zarur.

Gvardiola uslubi tushunarliroq. Uning jamoasida hamma narsa to'p nazorati asosida quriladi. Maydon markazi - tizim yaratuvchi chiziq.

Klopp o'yini o'zgacharoq. U pressing atrofida qurilgan. Hammasi hujumchilar bosimidan boshlanadi. Ular - birinchi himoyachi. SHu sababli Yurgen jamoasida to'psiz o'yinda ishtirok etmaydigan birorta futbolchi yo'q.



"Liverpul"ning pressing xaritasi: Hudud to'qroq qizil bo'lsa, o'sha yerda bosim kattaroq.

Hujum chizig'ida intizomli futbolchilar borligi ikkala jamoaga asosiy qurol - yuqori pressingni ideal darajada ishlatishga yordam berdi. Agar siz har doim ham yuqori pressingni amalga oshira olmasangiz, o'yinni to'liq nazorat qilolmaysiz.

Sabablar ko'p: Jamoa vaqti-vaqti bilan bo'linib qoladi, ko'pinchi orqaga qaytib, to'psiz o'ynashga to'g'ri keladi. Raqib jamoa tez-tez dam olishga va xavfli hujumlar uyushtirishga imkon topadi.

Katta jamoalar uchun bu yirik muammoga aylanishi mumkin. Grandlarning hammasi ham o'z maydonida uzoq va ishonchli himoyalana olmaydi. So'nggi vaqtlarda xatto "Atletiko" va "Yuve"ning himoya qo'rg'oni turli sabablarga ko'ra juda sust o'ynayapti.

So'nggi paytlarda ko'plab top-jamoalar yuqori pressingdan voz kechishmoqda. Sabab oddiy - ularning hujumda o'ynaydigan yulduzlari to'psiz o'ynashga tayyor emas.

Ushbu sabablar tufayli kontrpressing ham ishga solinmayapti. Bazida bu hujumchilar to'pni yo'qotganidan so'ng, vaziyatdan tushib qolishi tufayli sodir bo'lmoqda. Yulduz hujumchilar jamoani qiyin ahvolga solyapti. Ular ko'proq erkinlik istashadi, pozitsion hujumlarda tartibga rioya qilishmaydi va noto'g'ri harakat qilishni boshlashadi.

TO'RTINCHI QOIDA: Yulduzlar pozitsion hujum tizimiga zarar keltiradi

Bir qarashda bu g'alatidek ko'rinishi mumkin, ammo futbolchilarning individual mahoratiga bog'liq bo'lgan "Siti" va "Liverpul"ning pozitsion hujumlari juda yuqori darajada. Superyulduzlar yo'qligi bu jamoalarga pozitsion hujum tizimini aniq ishlab chiqishga yordam berdi. Ushbu jamoalarda to'p izlab xohlagan joyda yuradigan futbolchilar yo'q. Demak, barcha hududlarda kuch teng taqsimlangan, raqib esa himoyalanishga qiynaladi, chunki ular biror futbolchiga bor e'tiborini qarata olmaydi.

"Manchester Siti" - pozitsion hujumlar sifati bo'yicha dunyoning eng yaxshi jamoasi. Bu avvalambor murabbiyning xizmati - "Bavariya" va "Barselona" Gvardiola qo'l ostida to'p bilan juda yaxshi harakatlanishgan. Uning falsafasi - pozitsion futbol. Falsafa ishlashi uchun esa hujumdagilarning tartibi kerak. Agar boshqa jamoalarda qanot hujumchilari markazga o'ta olsa, Pep jamoasida bu taqiqlanadi.

Gvardiola jamoalari va boshqa top-klublar o'rtasida katta farq bor: Pep futbolchilari kenglikni saqlab turishadi, himoyachilar ortiga ochilishadi va boshqa klublarda esa qanot hujumchilari to'liq erkinlik beriladigan asosiy yulduzlari hisoblanadi.

"Siti" va "Liverpul" boshqa-boshqa yo'llardan ketishdi, ammo bir-biriga o'xshash balansni topishdi. Bu haqda xatto Gvardiola Sky Sports efirida aytgan edi. Uning fikricha, to'pga egalik qilishda "Liverpul"ning stukturasi "Siti"nikiga o'xshaydi. Faqat "Siti"da KDB va Silva, "Liverpul"da esa - Salah va Mane. Sterling va Sane o'ynaydigan hududda "qizillar"ning qanot himoyachilari harakatlanishadi.


Qoidalarga rioya qilinmasa nima bo'ladi?

Bu alomatlar kuzatilgan jamoalarda xavfli zanjir paydo bo'ladi:

- To'p yo'qotishdan so'ng yomon kontrpressing - raqib qarshi hujumlari;
- Kuchsiz yuqori pressing - orqaroqqa qaytib, o'z darvozasi oldida himoyalanish;
- Bunday hollarda pozitsion himoya ideal bo'lmaydi. Yulduz hujumchilar orqaga qaytmaydi va sakkiz yoki to'qqiz kishi bo'lib himoyalanishga to'g'ri keladi. Natijada markazdagi futbolchilarni almashtirishga majbur bo'lishadi, chunki texnikasi kuchli futbolchi uzoq himoyalana olmaydi, uning o'rniga mehnatkash o'yinchi tushiriladi (masalan, Rakitich Messi ortidan "tozalovchilik" qiladi, Ronalduda esa Matyuidi bor).

- Bu tipdagi futbolchilar bilan markazda o'ynash qiyinlashadi - to'p nazorati kamayadi, "avtobus"ni buzishda muammolar yuzaga keladi. Natija: hujumda improvizatsiya va yulduz hujumchilarning o'yiniga bog'lanib qolasan.

Manba: CA
  0 
Fikrlar (Umumiy: 0 ta)
Hali hechkim izoh qoldirmadi 1 - bo`l!
Onlayn: 3 (1/2)
uzstat.net